Foydalanish shartlari (ommaviy oferta)

Tahrir: 18.11.2026

Ushbu shartlar AvtoHayda platformasi — avtohayda.uz sayti, @avtohaydabot Telegram boti va mini ilovasi (bundan buyon «Platforma») — dan foydalanish tartibini belgilaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi.

1. Umumiy qoidalar

Platforma operatori — AvtoHayda (YaTT Sotivoldiyev Jahongir Muxtorjon oʻgʻli, STIR 516255553, Namangan viloyati, Chust tumani, Yoʻldosh otryad koʻchasi, 17-uy), bundan buyon «biz» yoki «Maʼmuriyat».

Telegram orqali kirish, darsga yozilish, kabinet ochish yoki Platformadan boshqacha foydalanish ushbu shartlarni va Maxfiylik siyosatini toʻliq va soʻzsiz qabul qilish (aksept) hisoblanadi; aksept yozma shakldagi shartnomaga tenglashtiriladi. Rozi boʻlmasangiz — Platformadan foydalanmang.

«Provayder» — Platformada jadval yurituvchi haydash instruktori, avtodrom yoki avtomaktab. «Oʻquvchi» — darsga yoziladigan shaxs.

Shartlar oʻzbek va rus tillarida tuzilgan. Tafovut boʻlsa, oʻzbekcha matn ustun. Biror band haqiqiy emas deb topilsa, qolgan bandlar oʻz kuchida qoladi.

2. Platforma nima qiladi

Platforma — vosita: Provayder jadval yuritadi, Oʻquvchi boʻsh vaqtni koʻrib yoziladi, ikkala taraf Telegram orqali eslatma va xabarlar oladi. Platformada katalog, joylar sahifalari, sharhlar va tadbirlar ham bor.

  • Platforma haydashni oʻrgatish xizmatini koʻrsatmaydi va bu xizmat boʻyicha shartnoma tarafi emas. Dars boʻyicha kelishuv (narx, joy, mashina, toʻlov, bekor qilish) Provayder va Oʻquvchi oʻrtasida tuziladi.
  • AvtoHayda — xususiy platforma: Ichki ishlar vazirligi, Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati, imtihon markazlari va boshqa davlat organlarining rasmiy resursi emas va ular bilan bogʻliq emas. Imtihon mashqlari va joylar haqidagi maʼlumotlar ochiq manbalardan olingan va rasmiy talablardan farq qilishi mumkin. Platforma imtihondan oʻtishni yoki haydovchilik guvohnomasi olinishini kafolatlamaydi.
  • Platforma darslar uchun toʻlov qabul qilmaydi va oʻtkazmaydi. «Toʻlandi» belgisi — Provayderning oʻz hisobi uchun yozuvi.
  • Platforma Provayder koʻrsatgan maʼlumotlarning (narx, malaka, mashina, ish vaqti) toʻgʻriligini tekshirmaydi va kafolatlamaydi. «Tekshirilgan» belgisi Maʼmuriyat Provayderning shaxsini (tashkilot uchun — roʻyxatdan oʻtganlik hujjatini) va instruktorlik guvohnomasini (litsenziyasini) koʻrganini bildiradi; hujjat nusxasi saqlanmaydi. Belgi Provayder xizmati sifatining kafolati emas.
  • Platforma hisobotlari, jumladan Pro pul hisoboti, — Provayderning oʻz belgilari jamlanmasi. Ular buxgalteriya yoki soliq hisobiga asos boʻlmaydi.
  • Joylar sahifalari (avtodrom, avtomaktab, imtihon markazi) ochiq manbalardan tuzilgan: nomi, manzili, telefoni. Joy egasi soʻrovi bilan maʼlumot tuzatiladi yoki olib tashlanadi.

3. Hisob

Kirish Telegram orqali; ism va Telegram ID ni Telegram beradi. Telefon raqamini oʻzingiz ulashasiz; Provayder sizni oʻz daftariga yozganda ism va telefonni oʻzi ham kiritishi mumkin — bu yozuvni faqat oʻsha kabinet koʻradi.

Hisobingiz orqali qilingan harakatlar uchun oʻzingiz javobgarsiz. Telegram hisobingizga kirishni himoya qiling.

Hisob shaxsiy: uni boshqa odamga berish yoki bir nechta kishi birga ishlatish mumkin emas — xodimlar kabinetga «Jamoa» boʻlimi orqali alohida qoʻshiladi. Hisobingizga begona kirganini sezsangiz, darhol bizga xabar bering.

Platformadan 16 yoshdan foydalanish mumkin; 18 yoshga toʻlmaganlar — ota-onasi yoki qonuniy vakili roziligi bilan.

4. Oʻquvchi

  • Yozilish — Provayderga soʻrov yoki (avtomatik tasdiqlashda) tasdiqlangan dars vaqti.
  • Bekor qilish va koʻchirish — Provayder profilida koʻrsatilgan qoida boʻyicha. Kech bekor qilish va kelmay qolish oqibatini (masalan darsning paketdan hisoblanishi) Provayder belgilaydi; qoida yozilishda koʻrsatiladi.
  • Provayder oʻz jurnalida darsga kelgan yoki kelmaganingizni belgilashi mumkin.
  • Sharh faqat oʻtgan dars boʻyicha qoldiriladi. Haqorat, boshqalarning shaxsiy maʼlumoti, reklama va ataylab yolgʻon maʼlumot taqiqlanadi.

5. Provayder

  • Toʻgʻri maʼlumot koʻrsatish: ism, narxlar, jadval, mashina.
  • Provayder oʻz faoliyati uchun zarur huquq va ruxsatlarga (instruktorlik guvohnomasi, amaliy mashgʻulot va oʻquv mashinasiga talablar) ega ekanini kafolatlaydi va qonun talablariga, jumladan soliqqa, oʻzi rioya qiladi. Platforma buni tekshirmaydi.
  • Provayder oʻz faoliyati yoki notoʻgʻri maʼlumoti sabab Maʼmuriyatga yetgan zararni qoplaydi. Vakolatli organ soʻrovi yoki asosli shikoyat boʻlsa, Maʼmuriyat profilni yashirishi mumkin.
  • Yozilgan darslarni oʻz vaqtida oʻtkazish yoki oldindan bekor qilish.
  • Oʻquvchilarning ismi va telefonidan faqat darslar boʻyicha aloqa uchun foydalanish, ularni uchinchi shaxslarga bermaslik.
  • Provayder oʻz kabinetiga qoʻshgan aʼzolarning harakati uchun javobgar.

6. Moderatsiya

Platformada quyidagilar taqiqlanadi:

  • katalog, joylar sahifalari va boshqa maʼlumotlarni bot, skript yoki parser bilan yigʻish va boshqa joyda eʼlon qilish;
  • himoya, limit yoki tarif cheklovlarini chetlab oʻtish, jumladan sinov muddatini qayta olish uchun yangi kabinet ochish;
  • soxta yozilish va sharhlar qoldirish, boshqa odam nomidan harakat qilish;
  • oʻzini AvtoHayda xodimi yoki vakili deb koʻrsatish;
  • Platformani buzish, zararli dastur tarqatish yoki serverlarga ataylab ortiqcha yuklama berish.

Moderatsiya tartibi:

  • Maʼmuriyat profilni katalogdan yashirishi, «Tekshirilgan» belgisini berishi yoki olib tashlashi, qoidaga zid sharh yoki materialni olib tashlashi mumkin. Katalogdan yashirish jadval va yozilish havolasini oʻchirmaydi; sababi bot orqali bildiriladi.
  • Yordam berish uchun Maʼmuriyat vakili Provayder kabinetiga uning nomidan kirishi mumkin. Har bir kirish, uning sababi va qilingan amallar kabinet jurnalida koʻrinadi.
  • Qoidalar qoʻpol yoki qayta buzilganda Maʼmuriyat hisobni cheklashi mumkin. Qarorga rozi boʻlmasangiz, bot orqali qayta koʻrib chiqishni soʻrang.

7. Tariflar va Pro

Darsga yozilish va Provayder bilan bogʻlanish Oʻquvchi uchun bepul. Platforma Oʻquvchi va Provayder oʻrtasidagi dars toʻlovlaridan foiz olmaydi. Provayder uchun profil va katalogda koʻrinish (telefon va Telegram bilan) — Bepul tarifda; onlayn yozilish qabul qilish, jadval va darslarni yuritish — Pro tarifida.

Provayder uchun ikki tarif — «Bepul» va «Pro». Pro yakka instruktorga ham, jamoaga ham; hisob birligi — instruktor oʻrni (administratorlar va instruktor boʻlmagan ega oʻrin egallamaydi; oʻz joylari — filial, avtodrom — alohida toʻlanmaydi). Narx va tariflar tarkibi «Instruktor va avtodromlar uchun» sahifasida (avtohayda.uz/business) oʻzgargan sanasi bilan eʼlon qilinadi; bu sahifa ushbu shartlarning ajralmas qismi.

  • Sinov. Har yangi kabinet bir marta avtomatik ravishda tariflar sahifasida koʻrsatilgan muddatga (hozir 30 kun) Pro oladi. Karta va shartnoma soʻralmaydi; sinov oʻz-oʻzidan pullik obunaga aylanmaydi.
  • Toʻlov. Hozircha toʻlov Platforma orqali qabul qilinmaydi: toʻlangan davr uchun Pro'ni Maʼmuriyat yoqadi va muddatini kabinetda koʻrsatadi. Oylik yoki yillik — 12 oy uchun 10 oylik narx. Toʻlangan davr uchun narx oʻzgarmaydi. Tarif narxi pasaysa, keyingi davrdan toʻlayotganlar uchun ham pasayadi.
  • Soliq. Narxlar QQSsiz: Maʼmuriyat QQS toʻlovchisi emas. Maʼmuriyat QQS toʻlovchisiga aylansa, QQS qonunga muvofiq narxga qoʻshiladi va bu haqda kamida 30 kun oldin xabar beriladi.
  • Pro tugasa. Pro (sinov, toʻlangan yoki imtiyozli davr) tugagach, u yana imtiyoz muddati (hozir 7 kun, sanasi kabinetda koʻrinadi) ishlaydi. Keyin Bepul tarifga sigʻadigan kabinet (administratorsiz, bitta oʻz joyi) Bepul tarifga oʻtadi; boshqa kabinet cheklangan holatga oʻtadi: jamoa imkoniyatlari faqat koʻrish uchun. Ikkala holatda ham onlayn yozilish va yangi darslar yopiladi, sahifa katalogda telefon va Telegram bilan qoladi; maʼlumotlar oʻchirilmaydi, yozilgan darslar saqlanadi, oʻquvchilar sotib olgan paketlar va eʼlon qilingan aksiyalar oʻz muddati tugaguncha amal qiladi. Toʻlov kelgach Pro toʻliq tiklanadi.
  • Voz kechish. Pro'dan voz kechish uchun Maʼmuriyatga yozing — kabinet Bepul tarifga oʻtkaziladi, maʼlumotlar saqlanadi. Toʻlangan summani qaytarish — toʻlov boʻyicha kelishuv shartlariga koʻra.
  • Maʼmuriyat alohida kelishuvga koʻra Pro'ni bepul yoki imtiyozli shartlarda berishi mumkin.

8. Oʻrganish boʻlimi (avtotest) tariflari

  • Oʻrganish boʻlimida «Bepul» va «Plus» tariflari bor; tarkibi va narxi tariflar sahifasida oʻzgargan sanasi bilan eʼlon qilinadi — bu sahifa shartlarning ajralmas qismi.
  • Plus 7, 14 yoki 30 kalendar kunga, toʻlov qilingan kundan boshlab olinadi va oʻz-oʻzidan yangilanmaydi. Faol Plus ustiga olingan yangi paket joriy muddat oxiridan davom etadi.
  • Muzlatish: paketga qarab muzlatish zaxirasi beriladi (tariflar sahifasida). Muzlatish butun kunlar bilan hisoblanadi; muzlatilgan kunlarda Plus imkoniyatlari yopiq, bu kunlar muddat oxiriga qoʻshiladi; zaxira tugasa Plus oʻzi davom etadi.
  • Narx oʻzgarishi toʻlangan muddatga taʼsir qilmaydi; yangi narx keyingi xariddan.
  • Promo-kod shartlari kodning oʻzida koʻrsatiladi; promo-kod pulga almashtirilmaydi.
  • Pul qaytarish: Plus imkoniyatlaridan foydalanilmagan boʻlsa, toʻlovdan keyin 24 soat ichida murojaat qilinsa — toʻliq qaytariladi; keyin qaytarilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
  • Plus imtihondan oʻtishni kafolatlamaydi; tayyorlik koʻrsatkichi tavsiya xarakterida.
  • Plus hisob egasiga beriladi va boshqa shaxsga oʻtkazilmaydi.
  • Sinov: har hisobga bir marta 3 kunlik Plus sinovi beriladi; u Plus imkoniyati birinchi marta ochilganda boshlanadi va oʻz-oʻzidan pullik obunaga aylanmaydi.

9. «Asoschi hamkor» dasturi

Maʼmuriyat cheklangan sondagi Provayderlarni «Asoschi hamkor» dasturiga taklif qiladi. Qatnashish — Maʼmuriyat bilan kelishuv asosida; oʻzi yozilib boʻlmaydi.

  • Aʼzoga Pro kelishilgan muddatga bepul, keyin kelishilgan muddatga — kelishilgan chegirma bilan beriladi. Joriy shartlar — avtohayda.uz/business sahifasida.
  • Aʼzoning ommaviy sahifasida «Asoschi hamkor» belgisi koʻrsatiladi. Dasturga qoʻshilgan Provayder shu belgi koʻrsatilishiga rozi boʻladi.
  • Aʼzo Platformadan faol foydalanadi va Maʼmuriyatga fikr-mulohaza berib boradi.
  • Provayder Pro'ni uzaytirmasa yoki shu shartlarni buzsa, Maʼmuriyat aʼzolikni tugatishi mumkin — belgi va chegirma olinadi, maʼlumotlar va yozilgan darslar saqlanadi.

10. Reklama va TOP

  • Reklama va katalogdagi «Tavsiya etilgan» (TOP) oʻrinlar alohida kelishuv asosida beriladi va doim «Reklama» soʻzi bilan belgilanadi.
  • Katalog asosiy roʻyxatining tartibi toʻlovga bogʻliq emas va TOP sabab oʻzgarmaydi.
  • TOP faqat «Tekshirilgan» va reytingi Maʼmuriyat belgilagan chegaradan past boʻlmagan Provayderga beriladi. Shart muddat ichida bajarilmay qolsa, oʻrin koʻrsatilmaydi.
  • Reklama beruvchi reklama mazmunining qonunchilikka muvofiqligi uchun javobgar. Maʼmuriyat qoidaga zid reklamani olib tashlashi mumkin.

11. Javobgarlik chegarasi

Platforma «boricha» taqdim etiladi. Uzluksiz ishlashiga harakat qilamiz, lekin Telegram, internet yoki hosting nosozligi sabab uzilishlar boʻlishi mumkin; eslatma kelmay qolishi mumkin — jadvalni ilovada tekshiring.

Qonun ruxsat bergan doirada Maʼmuriyat Provayder va Oʻquvchi oʻrtasidagi kelishuv, dars sifati, toʻlov, yoʻl-transport hodisalari va ular keltirgan zarar uchun javobgar emas.

Pro uchun toʻlagan Provayder oldida Maʼmuriyat javobgarligi oxirgi toʻlangan davr summasi bilan cheklanadi.

Tomonlar yengib boʻlmas kuch holatlari — tabiiy ofat, davlat organi qarori, internet yoki elektr taʼminotidagi yirik uzilish, kiberhujum, hosting yoki Telegram ishidagi uzilish — sabab majburiyatni bajarmaganlik uchun javobgar emas.

12. Materiallar

Platformaning nomi, dizayni va dasturiy kodi operatorga tegishli. Provayder va Oʻquvchi joylagan materiallar (tavsif, sharh) ularniki boʻlib qoladi; ularni joylab, Platformada bepul koʻrsatishga ruxsat berasiz.

13. Shaxsiy maʼlumotlar

Shaxsiy maʼlumotlarga ishlov berish tartibi ushbu shartlarning bir qismi boʻlgan Maxfiylik siyosatida bayon qilingan.

14. Shartlarning oʻzgarishi

Shartlar yangilanishi mumkin. Yangi tahrir shu sahifada sanasi bilan eʼlon qilinadi; muhim oʻzgarishlar haqida sayt yoki bot orqali xabar beramiz. Eʼlondan keyin Platformadan foydalanishni davom ettirish yangi tahrirga rozilikni bildiradi.

Pro shartlarini yomonlashtiradigan oʻzgarish kabinet egasiga bot orqali kamida 14 kun oldin bildiriladi va toʻlangan davrga taʼsir qilmaydi. Imkoniyatni Bepul tarifdan Pro'ga oʻtkazish ham shunday oʻzgarish hisoblanadi.

15. Nizolar

Nizolar muzokara yoʻli bilan hal qilinadi. Sudga murojaatdan oldin taraf bot yoki elektron pochta orqali talabnoma yuboradi; talabnomaga javob muddati — 15 kun.

Kelishuvga erishilmasa, nizo Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda hal qilinadi.

16. Aloqa

Savol, shikoyat va shaxsiy maʼlumotlar boʻyicha soʻrovlar: @avtohaydabot botiga yozing (/help buyrugʻi yoki saytdagi «Yordam» havolasi) — xabar AvtoHayda jamoasiga boradi, javob oʻsha chatga keladi.

Elektron pochta: info@avtohayda.uz.